«C5+1» formatida vazirlar uchrashuvi

2022-yilning 22-sentabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari vazirlarining “C5+1” formatida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikalari va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari va vakillari o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida “C5+1” formatida savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z nutqida “C5+1” formatiga bo‘lgan talab va ushbu formatdagi hamkorlik samaradorligini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi. O‘zbekiston rasmiylarining “C5+1” doirasida, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, “yashil kun tartibi” va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari haqida so’z yuritildi.
Tomonlar “C5+1” formatida yuqori ekspertlar darajasida yaqin aloqalarni davom ettirish, shuningdek, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.






