Dunyoning eng qimmat brendlari reytingida Apple liderlik qilmoqda

Brand Finance tahlilchilari hisobotiga ko’ra Apple korporatsiyasi 2016 - yildan buyon ilk bor eng qimmat brendlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Reyting mualliflari korporatsiyaning qiymatini 263,4 milliard dollarga baholashgan. Shuningdek, Apple bir yilda o‘z brendi narxini 87 foizga oshirishga erishgan.

2020-yilgi reytingda 187,9 milliard dollarlik qiymati bilan lider bo‘lgan Amazon esa bu gal ikkinchi pog‘onada. O’tgan yilda bu brend narxi ham ancha o‘sib, 254,2 milliard dollarga yetgan.

Eng qimmat brendlar beshtaligidan Google ($191,2 mlrd), Microsoft ($140,4 mlrd) hamda Samsung ($102,6 mlrd) ham o'rin olgan.

Biroq eng tez o‘sib kelayotgan brend sifatida Tesla e’tirof etilgan – uning qiymati naq 158 foizga oshib, 32 milliard dollarni tashkil etgan!