Eronda Amir Temurga tegishli 3 ta qilich saqlanayotgani ma'lum qilindi

Eronlik tarixchi olimlar tomonidan nashr qilingan bir qancha kitob-albomlarda Eron Islom respublikasi muzeylarida Amir Temurga tegishli bir emas, naq uchta qilich borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Temuriylar davlat tarixi muzeyi ilmiy xodimi xabar berdi.
Amir Temurning barchaga ma’lum bo‘lgan qilichi bugungi kunda Eron Islom respublikasidagi Tehron milliy muzeyida saqlanmoqda.
"Sohibqironga tegishli qilichlardan biri Tehron milliy muzeyida bo‘lsa, qolgan ikkitasi shahardagi Sa’dobod saroy-majmuasi hududidagi Harbiy muzeyda saqlanayotgani aniqlandi”, - deydi Temuriylar davlat tarixi muzeyi ilmiy xodimi.
Harbiy muzeyda saqlanayotgan Amir Temurga tegishli bo‘lgan birinchi qilich tig‘i Damashq po‘latidan, “Muhammad zinapoyasi” nomi bilan tanilgan uslubda ishlangan. Qilich juda mustahkam, og‘irligi 750 gramm.
Ikkinchi qilich ham Damashq po‘latidan, 40 zinapoyali uslubda ishlangan bo‘lib, nihoyatda mustahkamdir. Uning og‘irligi ham 750 gramm. Pastki qismdagi kartushda “As-Sulton Amir Teymur Ko‘ragoniy” ismi yozilgan. Barcha yozuvlarda oltin suvi yurgizilgan.
Ta'kildlanishicha, ikkala qilichda ham Amir Temur Ko‘ragoniyning ismi qilich tig‘ida bitilganligi ularning Sohibqironga tegishli bo‘lganligiga shubha qoldirmaydi.






