Eskirgan avtomobil go'yo qariyadir, uni yugurtirish esa qariyani infark qilish deganidir

Joriy yilning 9 iyun kuni Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, Sersuv ko‘chasida "Gaz-53" rusumli yuk avtomobilining dvigatel qismidagi qisqa tutashuv sabab yong‘in yuzaga kelgan. Natijada avtomobilning dvigatel hamda salon qismiga jiddiy zarar yetgan.

Xo‘sh avtotransportlar bilan bog‘liq bunday yong‘inlar nima uchun sodir bo‘lishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Aksariyat holda yuzaga keladigan yong‘inlarning asosiy qismi eski transport vositalari xissasiga to‘g‘ri keladi. Deyarli har doim asosiy sabab texnik nosozlik bo‘ladi.

To‘g‘ri, ba’zan yangi avtomobillarda ham kutilmagan yong‘inlar kelib chiqishi mumkin. Aslida o‘sha yangi ulovning ham qayeridadir texnik nuqson borligi uchun ham shunday noxush vaziyat yuzaga keladi.

Bugun, ayniqsa, qishloq hududlarda odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilayotgan avtotransport vositalarining aksariyati eskirib ulgurgan. Ba’zilariga hatto chiqishga ham qo‘rqasan, kishi. Ammo shu zayldagi texnikalar yillar davomida odamlarga xizmat qilib keladi.

Xalqda “Ko‘za kunda emas kunida sinadi” degan naql bor. Yuk tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lsaku koshiki edi. Ba’zan shalog‘i chiqib ketgan avtomobillar, avtobuslar va mikroavtobuslarning yo‘lovchi tashib yurganiga ham guvoh bo‘lib qolamiz.

Qishloqda bo‘laveradi, odamlarning kuniga yarayapti desang, poytaxtdek azim shaharda ham almisoqdan qolgan transport vositalari uchrab qoladi. Ayniqsa, yoshi otamdan ham katta transport vositalarini Toshkent shahar kommunal xizmatlarida hamda transport korxonalarida hamon uchrashi ayniqsa ajablanarli. Yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar, ichimlik suvi, oqava suvlari hamda issiqlik quvvatiga mutasaddi bo‘lgan korxonalarda bugun xizmat qilayotgan ayrim avtomobillarning oldida tursangiz o‘zingizni o‘tgan asrning 60-70 yillarga tushib qolgandek his qilasiz go‘yo. Yana ularning aksariyati ishchi-xodimlarni olib yurishga moslashtirilgan transport vositalaridir.

Xo‘sh, ana shu tarsnportlarida ham biror kor-xol yuz bermasligiga kim kafolat bera oladi?

To‘g‘ri, balki korxonalarning iqtisodiy imkoniyati bunday texnikalarni birdan yangilash imkonini bermas. Ammo, ayni kunda yurtimizda sohalar va tarmoqlar rivojlanib, yangilanib borayotgan bir vaqtda bunday manzaralar va holatlarga befarq qarab bo‘ladimi? Imtiyozli kredit va boshqa moliyaviy manbaalar orqali bu tashkilotlarga yordam berish mumkin emasmi?
Qolaversa, qachongacha kommunal xizmatchilar “itning keyingi oyog‘i” bo‘lib yuradi?

Kommunal tarmoqlarda biror nosozlik yuzaga kelsa mutasaddi tashkilotlaru sizu biz fuqarolar ham ularning xizmatidan nolishni bilamiz. Ammo, holing nima deb so‘rab ko‘rganmizmi?

Yaqinda shunday holatga guvoh bo‘ldik. Suv quvurlari nosozligi uchun mo‘ljallangan transport vositasi ortidan katta yo‘lda yurishga to‘g‘ri keldi.
Hox ishoning hox ishonmang agar piyoda yurilsa undan avval manzilga yetib borish mumkin edi. Transportning yoshi kamida 60 yoki 70 da.

Mantiqan o‘ylansa, qariyadan qanday qilib yugurishni talab qilish mumkin.
Ushbu transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishga mas’ul idoralar ham kommunal xizmatlarning holi harobligini bilib, ularga tegishli avtotransportlarni tekshiruvdan o‘tkazayotganda uncha-buncha kamchiligiga ko‘z yumadilar, nazarimizda. Bo‘lmasa, shu holdagi transport vositasi aholiga xizmat qilish u yoqda tursin texnik ko‘rikdan ham o‘tmasligi kerak, aslida.
Nima bo‘lganda ham 21-asr, innovatsiyalar asrida yashayapmiz. Rivojlangan davlatlar suyuq yoqilg‘ida yuruvchi transportlardan voz kechib, elektr energiyasida harakatlanuvchi avtomobillarga o‘tmoqda.

Biz ham hech bo‘lmaganda o‘zimiz, jamoatchilik uchun xizmat qiladigan taransport vositalarini yangilab qo‘ysak, o‘z xavfsizligimizni ta’minlagan bo‘lamiz. Buning uchun mas’ul idoralar mutasaddilarida hoxish bo‘lsa kifoya. Bugungi yangi O‘zbekistonda imkoniyat istagancha topiladi.