Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi

“Аholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

2023-yil 1-martgacha dori vositalarining ishlab chiqarilishidan boshlab ularning isteʼmoli natijasigacha boʼlgan jarayonlarni nazarda tutuvchi Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan tegishli roʼyxatda belgilangan dorilardan tashqari barcha yangi dori vositalari klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat roʼyxatidan oʼtkaziladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

-retseptsiz beriladigan dorilar roʼyxatini Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlash;
-dori moddalarini (substantsiyalarni) davlat roʼyxatidan oʼtkazish;
-Oʼzbekistondan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarining roʼyxatdan oʼtkazish natijalarini tan olishda standart namunalarini talab etish.

Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlar dori va tibbiy buyumlar bilan shifoxona orqali taʼminlanadi. Mazkur jarayon dastlab respublika darajasidagi shifoxonalarda 2023-yil davomida tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi. Shunga koʼra, 2022-yil yakunigacha shifoxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi boʼyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

2023-yil 1-iyuldan referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori boʼlgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.

2023-yil 1-maydan Xarid cheki boʼyicha narx dorining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, huquqbuzardan jarima undiriladi.