Immunitet zaiflashganda qanday mahsulotlar isteʼmol qilgan maʼqul?

Qish kunlarida koʼpchilikning immunitet tizimi zaiflashib, mavsumiy kasalliklar avj oladi. Xoʼsh, buning oldini olish uchun qanday mahsulotlar isteʼmol qilish lozim? Tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, shoʼr, achchiq va yogʼli taomlardan tiyilgan holda sabzavotlar, S vitaminiga boy mahsulotlar, piyoz va imbir iste’molini ko’paytirgan ma’qul.

Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiev o’z tavsiyalarini berdi.

Аvvalo, shoʼr, achchiq va yogʼli taomlardan tiyilish zarur. Tarkibida shakar va kofein boʼlgan mahsulotlar isteʼmolini ham cheklagan maʼqul. Ularning oʼrniga, qovoq, sabzi, lavlagi, pomidor, piyoz, sarimsoq, koʼkatlar, sutli mahsulotlar, olma, sitrus mevalar, yogʼsiz goʼsht, baliq va asal tanavvul qilish tavsiya etiladi. Ushbu mahsulotlar organizmni mineral va vitaminlar bilan toʼyintirib, immunitet tizimini mustahkamlaydi.

Tananing kasalliklarga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini oshiradigan mahsulotlardan biri — piyoz. U organizmga tushgan mikroblar bilan kurashish, saraton hujayralari oʼsishini toʼxtatishga yordam beradi, immunitetni oshiradi.

Sarimsoq piyoz — stressdan keyin tanani tiklashga koʼmaklashadi, jigarni tozalaydi. U yalligʼlanish va oʼsmalar bilan kurashish uchun ajoyib vositadir.

S vitamini ham immun tizimini mustahkamlaydi. U limon, naʼmatak, apelsin, shirin qalampir, qora smorodina tarkibida koʼp miqdorda mavjud boʼladi.

Zanjabil (imbir) — organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini tez kuchaytiruvchi mineral va vitaminlarga boy mahsulot. Kuniga bir choy qoshiq asal isteʼmol qilish ham sogʼlik uchun foydali.

Biroq allergiyaga moyil, surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchi kishilar bu mahsulotlarni isteʼmol qilishda shifokorlar bilan maslahatlashishlari kerak.