Internet orqali tarqalayotgan odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda

Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmogʼida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʼgʼrisida parlament soʼrovi yuborish masalasi koʼrib chiqildi.

Statistik maʼlumotlarga koʼra, mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4,7 mln, “Instagram” da 3,7 mln, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16,7 mln, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 mln foydalanuvchi mavjud boʼlib, ularning koʼpchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.

Internet tarmogʼi orqali tarqatilayotgan gʼarazli maʼlumotlar, turli buzgʼunchi gʼoyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda.

Birgina 2021-yilning dekabr holatiga koʼra milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va maʼnaviy buzuqlikka targʼib qiluvchi holatlar aniqlangan boʼlib, 2 097 ta qonun buzilishi holati qayd etilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning oʼzbek segmentida maʼnaviy buzuqlikni targʼib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan.

Majlisda senatorlar Internet jahon axborot tarmogʼida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʼrovi yuborish toʼgʼrisida qaror qabul qildi.