Ispaniya kompaniyasi mamlakatimizda yangi qo’shma loyihani amalga oshirmoqchi

Ispaniya kompaniyasi Samarqandda maxsus avtomashinalar va tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

6-10-iyul kunlari O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “SamAuto” MChJ rahbarlarining Ispaniyaga tashrifi uyushtirilib, Ourense shahridagi “Rodriguez Lopez Auto” zavodiga tashrif buyurish va O‘zbekistonda tez tibbiy yordam avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha fikr almashildi.

Rodriguez Lopez Auto S.L.U. tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 40 yildan ortiq vaqt mobaynida kompaniya bozorning 65% dan ortig'iga ega bo'lgan Ispaniyada tez tibbiy yordam mashinalarining yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Ispaniya bozoridan tashqari, kompaniya Germaniya, Gollandiya, Shvetsiya, Angliya, Fransiya, Belgiya, Slovakiya, Daniya va Portugaliya kabi Yevropa bozorlariga ham eksportni aalga oshiradi.

Tashrif davomida “SamAvto” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosarlari Xusan Qobilov va ta’minot bo‘yicha Bahodir Quliyev korxonaning ishlab chiqarish jarayoni, avtomashinalarni tez tibbiy yordam va boshqa maxsus avtomashinalarga jihozlashning barcha sikllari bilan atroflicha tanishdi.

“Rodriguez Lopez Auto” kompaniyasi ijrochi direktori Xose Enrike Rodriges Xorxe bilan Samarqand shahridagi “SamAvto” zavodi ishlab chiqarish quvvatlarida qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.