Istanbulda seysmik chidamliligi past bo'lgan 93 ta maktab yopiladi

Turkiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, 20-fevral ya’ni bugundan boshlab xavf ostida bo‘lgan 93 ta maktab va ta’lim muassasalarining o‘quvchilari seysmik jihatdan xavfsiz maktablarga o‘tkaziladi va u yerda o‘qishni davom ettiradi. Shuningdek, ta’kidlanishicha 76 ta maktabni buzish va rekonstruksiya qilish hamda 17 ta maktabni modernizatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Istanbuldagi ta’lim muassasalarini tekshirish seysmik xavflarni kamaytirish loyihasi doirasida amalga oshirilgan. 1999-yilgacha, ya'ni Turkiyada sodir bo'lgan oldingi vayronkor zilziladan oldin qurilgan jami 1418 ta maktab o'rganilib, shundan so'ng qurilish standartlari o'zgartirilgan. Viloyat rasmiylarining ta'kidlashicha, ulardan faqat 67 tasi zilzilaga chidamli, 1351 tasi xavf ostida. Ta’lim muassasalarining 769 ta binosi mustahkamlandi, 400 ga yaqini buzib, yangidan qurilgan.