Joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ishga tushiriladi

1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash sohasidagi vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.
“Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham ko‘p farmon va qarorlar qabul qildik. Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini ko‘tarish choralarini ko‘rdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon bo‘lishi kerak. Har bir fuqaroning sog‘ligi nazoratda bo‘lishi kerak”, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini o‘zgartirish, tibbiy sug‘urta tizimini kengaytirish, tibbiy ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi.
Avvalo, birlamchi bo‘g‘inga e’tibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan o‘tkazish vazifalari belgilandi. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.
Hududiy shifoxonalarda yuqori texnologik amaliyotlar turini 250 taga yetkazish, buning uchun ulardagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yangi imtiyozli davolash tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz sohani raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Avval berilgan topshiriqqa ko‘ra, tibbiyot muassasalarining bu boradagi infratuzilmasi yangilanmoqda. Hududlardagi shifoxonalar kompyuterlar bilan ta’minlanib, lokal tarmoqqa ulanmoqda. Xalqaro standartlar asosida yagona klassifikator, reyestr va ma’lumot almashinuvi dasturi ishlab chiqilmoqda.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlashning barcha bo‘g‘inlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, o‘zaro bog‘lash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformatsiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.






