JSST: «Global xatar» haqida yangi bayonot bilan chiqdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko’ra, dunyo boʼyicha 1,5 milliard nafargacha yoshlar quloqchinlar orqali musiqa tinglash yoki shovqin-suronga boy koʼngilochar manzillarda boʼlish oqibatida oʼz eshitish qobiliyatini yoʼqotishi mumkin.
Tabiiyki, bu shunchaki taxmin yoki bashorat emas! Chunki xavotirlanish uchun jiddiy asoslar bor. JSST ekspertlarining xulosasi soʼnggi 20 yil ichidagi oʼrganishlarni qamrab olgan. Qolaversa, 12 yoshdan 35 yoshgacha boʼlgan 19 ming nafardan ziyod yigit-qizlar ishtirokida oʼtkazilgan tadqiqot natijalarini jamlagan.
Maʼlum boʼlishicha, qatnashchilarning 24 foizi smartfonlardan quloqchinlar orqali baland tovushda musiqa tinglashga odatlangan. 48 foiz ishtirokchilar esa shovqin darajasi meʼyordan yuqori boʼlgan tungi klublarda vaqt oʼtkazishni xush koʼrgan.
Ushbu tahlillarni birlashtirgan tadqiqotchilar Yer yuzida 670 milliondan 1,35 milliard nafargacha yoshlar eshitish qobiliyatini yoʼqotishi mumkin, degan toʼxtamga kelishdi.
Shifokorlarning fikricha, mazkur muammoning oldini olishning eng samarali usuli musiqani pastroq chastotada va qisqa muddat tinglashdir.






