Mamlakatimizda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi

Prezidentning "Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Unga ko’ra, bosh prokuratura akademiyasi qoshida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha, Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filialini tugatiladi hamda uning shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasini Akademiyaga o‘tkaziladi.

Akademiyada 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayoni tashkil etiladi.

Ma’lum qilinishicha, tergov faoliyati yo‘nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo‘yicha – 250 nafargacha talaba, magistratura dasturi bo‘yicha – 50 nafargacha oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlaridan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, akademiyada ta’lim olish muddati bakalavriat dasturi bo‘yicha – 3 yilni, tergov faoliyati yo‘nalishidagi magistratura dasturi bo‘yicha – 1 yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik ta’limning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi.

Ta’lim muassasida o‘qitish davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga (harbiy xizmatga) qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.

Shu bilan birga, davlat grantlari asosida o‘qishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.