Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi

“O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to'g'risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Kodeksga ko'ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog'liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:

mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg'ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
mehnat huquqlari ta'minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo'l qo'yilmasligi.
Jumladan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo'lgan o'z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg'ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo'yicha qo'shimcha kafolatlarni ta'minlaydi.

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 6 oy o'tgach kuchga kiradi.

Qonun kuchga kirishi bilan “O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to'g'risida”gi Qonun o'z kuchini yo'qotadi.