Oliy Majlis Senatining XVI yalpi majlisi davomida qonunlarga bir qator o'zgartirishlar qabul qilindi

Xususan, “Rasmiy statistika to'g'risida”, “Sudlar to'g'risida”, “O'zbekiston Respublikasining davlat tili to'g'risida” gi qonun loyihalari ma'qullandi.

"Rasmiy statistika to'g'risida" gi qonun

Amaldagi statistika tizimida mavjud “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonun faqatgina davlat statistika organlari faoliyatini tartibga solib, statistik ma’lumotlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini qamrab olmagani kabi muammolar mavjud.
Mazkur muammolarni bartaraf etish, belgilanadigan qamrov va sifat talablari kengligi va to‘liqligini ifodalash maqsadida Qonun bilan “davlat statistikasi” yoki “milliy statistika” atama o‘rniga “rasmiy statistika” atamasi joriy qilinmoqda.

"Sudlar to'g'risida" gi qonun

O‘zbekiston Respublikasining 1993 yilda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi amaldagi Qonuni mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sud tizimidagi chuqur o‘zgarishlar to‘liq aks ettirilmagan va u zamon talablariga javob bermaydi.Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun bilan odil sudlovning asosiy prinsiplari va sud hujjatlarini qayta ko‘rish tartibi takomillashtirilmoqda, sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda, sudyalik lavozimiga nomzodlar va saylanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda, sudyalarning intizomiy javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda, sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi aniqlashtirilmoqda hamda sudyalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanmoqda.

"O'zbekiston Respublikasining davlat tili to'g'risida" gi qonun

Amaldagi "Davlat tili to'g'risida" gi Qonunda ushbu Qonun ijrosini ta'minlaydigan maxsus davlat organi bo‘lmagan. Bunday norma yangi qonunda belgilangan.