O'zbekiston Prezidenti xalqaro konsultantlar guruhi bilan uchrashuv o’tkazdi

2021 yil 23 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro konsultantlar guruhi - Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fuleni qabul qildi.

Xalqaro konsultantlar guruhining asosiy vazifasi mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan ko'p tarmoqli hamkorligini rivojlantirish va kengaytirishga ko'maklashish, islohotlar dasturini ilgari surish, investitsiya muhiti va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, O’zbekiston iqtisodiyotiga to’g’ri investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ilg’or xorijiy tajribalarni o’rganish va tadbiq qilish, Yevropa ishbilarmon doiralari bilan hamkorlik qilishning samarali mexaizmlarini va vositalarini shakllantirish hisoblanadi.  

Shuni ta'kidlash kerakki, turli yillarda yuqori davlat lavozimlarida ishlagan konsultantlar, bugungi kunda Yevropa rasmiylari, ishbilarmonlari va ijtimoiy doiralari orasida katta xalqaro obro'ga hamda yetakchi konsalting, investitsiya va sanoat kompaniyalarida katta tajribaga ega.

Gusenbauer Projektentwicklung & Beteiligung konsalting kompaniyasining asoschisi Alfred Guzenbauer 2000-yillarda Avstriyaning Federal kansleri lavozimida faoliyat yuritgan. “Amicus Europae” fondining rahbari Aleksandr Kvasnevski Polsha prezidenti bo'lgan. Hozirgi “CITIC Europe Holdings” kompaniyasining maslahatchisi bo'lgan Shtefan Fyul Yevropa Ittifoqining qo'shnichilik siyosati va uni kengaytirish masalalari bo’yicha komissar sifatida muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatgan.

Uchrashuv davomida mamlakatimizni isloh qilish va institutsional rivojlanishining dolzarb masalalari bo'yicha ochiq va konstruktiv fikr almashildi.

Iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli strategiyasini tayyorlash va respublikada davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan o'zaro manfaatli aloqalarini kengaytirish bo'yicha konsultantlarning tavsiyalari ko'rib chiqildi.

Shaffoflikni oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash, bozor mexanizmlarini keng joriy etish va raqobat muhitini shakllantirish, respublikada bank-moliya sektori va kapital bozorini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha yaqin hamkorlik va faol almashinuvni davom ettirish to'g'risida kelishuvga erishildi. Yaqin kelajak uchun ustuvor vazifalar va amaliy hamkorlik qilish kelishib olindi.