O'zbekiston-Tojikiston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi

Dushanbedagi “Kasri Millat” qarorgohida O'zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo'lib o'tdi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ushbu tashrifning ahamiyatini ta'kidlab, davlatimiz rahbarini samimiy qutladi.

“O'zbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo'shnimiz. Bugungi kunda tojik-o'zbek aloqalari jadal rivojlanib borayotganidan xursandmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo'yicha muvofiqlashtirilishi va yaqin hamkorligini alohida ta'kidlab o’tishni istardim. Men bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini, shuningdek xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishga tayyorman», - dedi Imomali Rahmon.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat rahbarlari oldida tantanali yurish qilib faxriy qo’riqchilar saf tortdi.

Marosim yakunida davlatlar rahbarlari o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga, iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga, konstruktiv siyosiy muloqotni chuqurlashtirishga va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e'tibor berib, o'zbek-tojik strategik sherikligi va ko'p qirrali o'zaro munosabatlarning barcha spektrlarini yuzma-yuz muhokama qildilar. 

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, shuningdek barqarorlik va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish uchun o'zaro aloqalarni kuchaytirish bo'yicha o'zlarining fikrlari bilan o'rtoqlashdilar va aniq takliflar bildirdilar.

Mamlakatimiz Prezidenti taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq tilab, O'zbekiston xalqi va shaxsan o'zi nomidan birodar Tojikistonni yaqinlashib kelayotgan mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari Prezident Imomali Rahmonni o'zi uchun qulay bo'lgan vaqtda O'zbekistonga javob tashrifi bilan borishga taklif qildi.