O'zbekiston va Qozog'iston prezidentlari telefon orqali muloqot o'tkazdilar

15 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo’mart Toqayev bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Suhbat davomida O'zbekiston va Qozog'iston o’rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini tezroq bartaraf etish maqsadida iqtisodiy sohadagi o’zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Bunda, o'zaro savdo hajmini oshirish, qabul qilingan "yo'l xaritasi" doirasida sanoat kooperatsiyasining qo'shma loyihalarini ilgari surish, shuningdek chegaraoldi hududlarda samarali transport kommunikatsiyalari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish haqida so’z bormoqda.

Bundan tashqari, sog'liqni saqlash, farmatsevtika va ta'lim sohalarida hukumatlar, manfaatdor idoralar va tashkilotlar darajasida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, ular xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar. Bo'lajak ikki tomonlama va ko'p tomonlama tadbirlar jadvali ko'rib chiqildi.

Suhbat so'nggida davlatlar rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahorgi Navro'z bayrami bilan samimiy qutlashdi, birodar xalqlarga tinchlik, totuvlik va farovonlikni chin dildan tiladilar.

O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari o'rtasidagi telefon suhbati an'anaviy ishbilarmonlik va do'stona muhitda bo'lib o'tdi, deya xabar qildi Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati.