O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida II-Hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida Moskva shahrida bevosita va onlayn shaklda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi II-Hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi.
Tadbirda 800 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, viloyatlar, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, biznes uyushmalari rahbarlari, yirik kompaniyalar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Forumning maqsadi O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalari hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun yagona makon yaratishdan iboratdir.
Tadbir dasturi o‘z ichiga olgan yalpi majlisda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevlar ishtirokchilarga videomurojaatlar yo‘lladilar.
Shu yilda 50 dan ortiq o‘zaro tashriflar amalga oshirilgani qayd etildi. Jumladan, so‘nggi oylarda O‘zbekiston Respublikasi barcha 14 ta hududlarining rahbarlari Rossiya Federatsiyasining 42 ta sub’ektiga tashrif buyurdilar. Hamkorlikning bunday shakli o‘zini keng ko‘lamdagi yo‘nalishlarda sheriklik salohiyatini o‘rganish hamda aniq hududlararo loyihalar va hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishning samarali usuli ekanligini isbotladi.
Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida umumiy qiymati 9 mlrd dollarga teng 600 taga yaqin ikki tomonlama bitimlar, jumladan, 7,4 mlrd dollarlik 141 ta investitsiyaviy loyiha va 1,6 mlrd dollarlik 455 ta eksport shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma Loyiha ofisi investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishini to‘liq kuzatib boradi va qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari ma’muriyatlari istiqbolli tarmoqlarda 75 ta yangi investitsiya loyihasi ustida ish boshlashi ma’lum qilindi.
Tadbir davomida metallurgiya, energetika, kimyo, elektrotexnika, charm-poyabzal, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, suv xo‘jaligi, neft-gaz tarmog‘i hamda bank-moliya sohasi kabi hamkorlik yo‘nalishlarida bir qator kelishuvlarga erishildi.






