O‘zbekiston va Tojikiston o’rtasida avtobus qatnovi tiklanadi

Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro avtomobil tashuvi bo‘yicha o‘zbek-tojik qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatlarimiz o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqildi.
– Uchrashuvda xalqaro avtomobil tashuvi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, jumladan, mazkur yo‘nalishda imzolangan shartnomalar ijrosi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar “O‘zbekiston-Tojikiston-Xitoy” transport yo‘lagini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi, – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ikki qardosh davlat o‘rtasida avtobus qatnovi 2018-yil 15-maydan boshlab qayta yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, koronavirus pandemiyasi sababli boshqa davlatlar qatori Tojikiston bilan ham qatnovlar vaqtincha to’xtatilgan edi.
O‘tgan yili avtobus qatnovi bosqichma-bosqich yana tiklana boshladi. Endi “Asian Express” transport kompaniyasi avtobuslari “Xo‘jand-Toshkent-Xo‘jand” yo‘nalishida har kuni qatnaydi.






