Poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish choralari

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi tirbandliklar muammosi qanday hal etilishini aytdi.
Toshkent shahar aholisi va ularning daromadlari oshgani hisobiga so‘nggi yillarda shaxsiy avtotransportlar 2-3 barobar ko‘payib, kuniga shahar ko‘chalarida 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda.
Shu bois, kelgusi besh yilda shaharda o‘zaro uzviy bog‘langan barcha transport turlarini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi.
Bunda: yerusti transporti va metro yo‘nalishlari kesishuvida 16 ta yirik avtostansiyalar; Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar; markaziy ko‘chalarda 40 ming avtomobillar uchun 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar; tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar quriladi; yerusti halqa metropoliteni yo‘lining 7 ta bekatdan iborat 13 kilometr uzunlikdagi “Qo‘yliq-Qipchoq” uchastkasi qurilishi yakuniga yetkaziladi.
Shuningdek, yo‘l harakatini “aqlli tartibga solish” tizimi joriy etilib, bunga shaharning 500 ta yirik chorrahasi ulanadi, 200 ga yaqin muntazam avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi, jamoat transporti parkini yangilash uchun 400 ta zamonaviy avtobus, 700 ta elektrobus olib kelinadi, 90 ta yangi zamonaviy metro poyezdlari olib kelinib, yo‘lovchilar tashish quvvati 2 barobarga oshiriladi.
Avtobuslar qatnovini subsidiyalash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Endi tashuvchilarga subsidiyalar yo‘lovchi soniga emas, balki yo‘nalish va qatnovlar soniga qarab beriladi.
Bundan tashqari, 1,8 ming kilometr avtomobil yo‘li va ichki ko‘chalarni ta’mirlashga 3 trillion 200 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi.






