Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari koʼrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʼyicha yil yakuniga qadar qilinadigan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor yigʼilishi o’tkazilmoqda.

Prezident raisligida oʼtayotgan videoselektor yigʼilishida Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari koʼrib chiqilmoqda.

Eng avvalo, davlatimiz rahbari viloyatda beshta yoʼnalishda - tadbirkorlik, sanoat, agrar, ichimlik suvi taʼminoti, ijtimoiy sohada erishilishi lozim boʼlgan maqsad va vazifalarni belgilab berdi. Jumladan:

viloyatda tadbirkorlik va xizmat koʼrsatishni rivojlantirish orqali kelgusi yilda 207 ming nafar ish oʼrni yaratish zarur;

sanoatda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkin;

22 ta noruda konni oʼzlashtirib, talab yuqori boʼlgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni bor;

paxtani chuqur qayta ishlash darajasini 32 foizdan 56 foizga chiqarish uchun klasterlar tomonidan 2 trillion soʼmlik 12 ta loyihani yakunlash zarur;

kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼyib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish lozim;

18 ming gektar maydonda suv taʼminotini yaxshilab, qoʼshimcha 90 milliard soʼmlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10,5 ming gektar paxta va gʼalla maydonini qisqartirish hisobiga, 32 ming oila bandligini taʼminlash imkoniyati bor;

hududda markazlashgan toza ichimlik suvi taʼminotini kelgusi yilda 60 foizga yetkazish lozim.