Qonun loyihasi jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi

15 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati xususida davra suhbati o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirda mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tuman-shahar bo‘limlari rahbarlari, mutasaddi idoralar mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot davomida mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati, shu jumladan, sohada olib borilayotgan islohotlar aniq maqsadlari xususida so‘z yuritildi.

– Birgina misol, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan Samarqand viloyatida ham amalga oshirish mumkin bo‘ldi, – dedi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov.

Ta’kidlanganidek, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Bundan tashqari, ushbu amaliyot biznes turiga aylanib qolmasligi uchun ham zarur cheklovlar o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, davra suhbatida jamoatchilik vakillari tomonidan qonun loyihasi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalar bildirildi.