Salohiyatli yosh shifokorlarga 1 mln soʼmgacha ustama beriladi

Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʼbatlantirish va rivojlantirish jamgʼarmasi toʼgʼrisidagi nizom Аdliya vazirligida davlat roʼyxatidan oʼtkazildi. Unga ko’ra, yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million soʼmgacha maxsus oylik ustamalar beriladi.

Nizomga koʼra, Jamgʼarma mablagʼlari quyidagi 2 yoʼnalish boʼyicha sarflanadi:

75 foizi barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy ragʼbatlantirishga;
25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda taʼmirlashga.
Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy ragʼbatlantirishning quyidagi turlari qoʼllaniladi:

tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million soʼmgacha maxsus oylik ustamalar;
oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʼp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qoʼshimcha ustamalar;
tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.
Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.