Tojikiston Bosh vaziri yurtimizga tashrif buyurdi

Toshkentda 14-15 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Shu munosabat bilan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi delegatsiya bugun, 14 may kuni mamlakatimizga keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va qat’iy sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlikda erishilgan hozirgi yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tojikiston Bosh vaziri ikki davlat rahbarlarining bo‘lajak sammitiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishga, shuningdek, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlashga bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta’kidladi.

Tashrif dasturidan Toshkent shahridagi bir qator sanoat ob’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish o‘rin olgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.