Toshkent, Samarqand, Fargʼonada Singapur tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi markazlari ochiladi

Sogʼliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko'ra, davlatimiz rahbarining Singapurga davlat tashrifi doirasida, mamlakatimizda ayollar salomatligini yanada mustahkamlash, sogʼlom bolalarni dunyoga keltirish, nogironlikning oldini olish maqsadida “Virtus Health Singapore Pte., Ltd.” kompaniyasi bilan “Аyollar reproduktiv salomatligi: bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sunʼiy homiladorlik” markazlarini ochish boʼyicha loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“Mamlakatimiz rahbarining Singapurga davlat tashrifi asnosida sogʼliqni saqlash sohasi boʼyicha erishilgan kelishuvlar orasida yurtimizda ilgʼor tibbiyot muassasalari tashkil etishga doir qoʼshma loyiha ham bor.
Xususan, davlatimiz rahbari topshirigʼiga koʼra, mamlakatimizda ayollar salomatligini yanada mustahkamlash, sogʼlom bolalarni dunyoga keltirish, nogironlikning oldini olish maqsadida “Virtus Health Singapore Pte., Ltd.” kompaniyasi bilan “Аyollar reproduktiv salomatligi: bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sunʼiy homiladorlik” markazlarini ochish boʼyicha istiqbolli loyihani amalga oshiramiz.
Mazkur kompaniya 2002-yili Аvstraliyada tashkil etilgan boʼlib, reproduktiv salomatlik xizmatlari koʼrsatish koʼlami boʼyicha dunyoda 4-oʼrinda turadi. Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya va Singapurda 7 ta shifoxonasi, 44 ta reproduktiv salomatlik klinikasi va 54 ta laboratoriya markazi mavjud.
Аyni paytda yurtimizda bepushtlikdan aziyat chekayotgan oilalar kam emasligi va ularning aksariyati yosh kelin-kuyovlar ekanligini inobatga olsak, bunday muassasalarga Oʼzbekistonda ham ehtiyoj katta ekanligi ayon boʼladi.
Shu bois qoʼshma loyiha doirasida kelgusida Toshkent shahar koʼp tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand va Fargʼona viloyatlari Perinatal muassasalari qoshida ushbu xorijiy kompaniya tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi boʼyicha markazlar faoliyati yoʼlga qoʼyiladi”,- deya ta’kidlagan, Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov.






