Toshkentda 18 metrli garmoshkali avtobuslar harakati yo’lga qo’yiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2025-yilgacha poytaxtda 1063 ta yangi avtobuslar harakatlanishni boshlaydi. Ulardan 53 tasi 2023-yilda harakatga tushiriladigan katta sig‘imli 18 metrli avtobuslar bo‘ladi. Ushbu “garmoshkali avtobuslar” poytaxtning 11 ta magistral yo‘nalishida harakatlanadi.

Toshkent shahrida 18 metrli “garmoshkali avtobus” qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu 2 fevral kuni qabul qilingan prezident qarorida keltirilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, mazkur qarorda poytaxtga 2022−2025-yillar davomida 1063 ta yangi avtobus harakat tarkiblarini yaratish belgilangan. Uning 673 tasi elektrobus.

Bunda 2022-yilda 410 ta, 2023 yilda esa 253 ta, 2024−2025 yillarda 200 ta yangi avtobus sotib olinishi belgilangan. Bu yil hisobidan hozirgacha O‘zbekistonga 20 ta elektrobus olib kelingan. Qolgan 390 ta transport yil davomida keltirilishi ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, keyingi yildan 53 ta katta sig‘imli avtobuslar ham keltiriladi (253 ta avtobusdan). Ularning uzunligi 18 metrni tashkil etadi. Transportning qayrilish darajasi yo‘lning parametrlariga to‘g‘ri kelishi uchun avtobusning o‘rtasi “garmoshkali” tarzda bo‘ladi.