Tuman yoki shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi

“Kompetentsiyasiga qarab, bilim va koʼnikma yetmaganlarni oʼqitamiz, tajriba yetishmasa oʼrgatamiz”,- deya qayd etdi Prezident.
Salohiyatli kadrlar rezerviga:
unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi;
ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
ushbu yoshlar kamida bir oy vazirlik va hokimliklarda ish oʼrganib, malaka oshiradi;
xorijiy mutaxassislar bilan birga, ularning shaxsiy fazilatlari, psixologik holati tahlil qilinib, rahbarlik koʼnikmalari shakllantiriladi.
“Yaʼni, kompetentsiyasiga qarab, bilim va koʼnikma yetmaganlarni oʼqitamiz, tajriba yetishmasa oʼrgatamiz”, dedi Prezident.
Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Salohiyatli kadrlar rezervi uchun hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan 1 ming nafar nomzodni tanlab, takliflar kiritish topshirildi.
“Kuni kecha yarim yil yakuni boʼyicha yaxshi natija koʼrsatgan 65 nafar hokim yordamchisi va 40 nafar yoshlar yetakchilarini Salohiyatli kadrlar rezerviga oʼzim tanlab oldim”, dedi Prezident.
Uch oy muddatda “100 ta ilgʼor yetakchilar” dasturini boshlash vazifasi qoʼyildi. Dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan har ikki yilda 100 nafar salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.
Ular uchun alohida oʼquv dasturlari ishlab chiqilib, xorijda stajirovka oʼtash tizimi joriy etiladi. Oʼqitish yakuni bilan ushbu kadrlar davlat tizimidagi nufuzli lavozimlarga nomzod boʼladi.
Bunday dastur Birlashgan Аrab Аmirliklarida ijobiy natijalarini koʼrsatgani taʼkidlandi.






