Yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi

Qobiliyatni aniqlash, oʼqitish, ishini yaxshi yoʼlga qoʼyishga oʼrgatadigan yaxlit tizim boʼlmagani uchun, ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayotgani koʼrsatib oʼtildi.
Oʼtgan 6 oyda bilim va koʼnikmalari yetishmagani bois, 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirildi.
Umuman, masʼul lavozimlarda oʼtirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yoʼlga qoʼyilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri boʼlmoqda.
Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, soʼnggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati toʼgʼrisida”gi Qonun tayyorlandi. Yigʼilishda ushbu Qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Birinchi yoʼnalish – davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi.
Soʼrovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari (yoki 38 foizi) davlat tizimiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim, degan fikrni bildirgan.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha:
barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;
boʼsh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat soʼralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga oʼtkaziladi;
ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.






